Urushdan keyingi yillarni es-es bilaman. Onam arpa non yopgan kuni uyda bayram bo‘lib ketar edi. Ota-onamiz, non - tabarruk, deb qayta-qayta qulog‘imizga quyishgani uchunmi, keyinchalik zamon to‘kinchilik bo‘lib ketganidan keyin ham bolaligimda o‘rgangan bir odatni hech tark etolmadim. Yerda non burdasi yotgan bo‘lsa, ehtiyotlab ko‘tarib olasiz. Avval uch marta o‘pasiz, peshanangizga bosasiz, keyin ozodaroq joyga olib qo‘yasiz. Nima bu? Shunchaki bosh-ketining tayini yo‘q, asossiz e'tiqodmi? Yo mavhum aqidami? Shoshmang, bu so‘roqlarga javob izlashga shoshilmaylik.
...O'sha, og‘ir yillar edi. Hali maktabga qatnamasdim. Qirq yamoq bo‘lib ketgan dasturxonni o‘rtaga qo‘yib, nonushta qilib o‘tirardik. O'sha kuni onam arpa non yopgan, ya'ni uyimizda bayram edi. Bir mahal dadam jerkib qoldi:
- Nimaga nonni teskari qo‘yasan?
Qarasam, dadam menga gapiryapti. Damim ichimga tushib ketdi. U - biz bolalarni hech qachon urib-so‘kmas, ammo hammamiz dadamdan qattiq hayiqar edik.
- Ko‘zing bormi! - dedi u yanayam zardaliroq ohangda. - Nega nonni teskari qo‘yding?
Dasturxonga qaradim. Hozirgina o‘zim tishlagan non burdasini to‘nkarib qo‘ygan ekanman. Shosha-pisha o‘ngini ag‘dardim.
- Bilmagan-da, adasi, - dedi onam odatdagidek yupatib. - Endi unaqa qilmaydi...
Dadam indamadi. Biroq anchagacha qovog‘ini solib o‘tirdi. Ertasimi-indinimi, bostirmada arra qayradi. Men arrani bosib turdim. Dadam egov bilan zanglab ketgan arraning tishlarini charxlarkan, dahshatli voqeani gapirib berdi. Hozir bu hodisani so‘zma-so‘z aytib berolmayman.
O'ttiz uchinchi yili (dadamning aytishicha katta akam tug‘ilmasidan avvalroq) yomon ocharchilik bo‘pti. Bahor ekan. Dadam Parkat tomonda turadigan («Parkat» Parkent ekanini keyin tushunganman) o‘rtog‘inikiga boribdi. U tog‘larda ocharchilik shahardagidan battar ekan. Odamlar ravoch, ismaloq izlab, tog‘-toshlarni kezib yurganini ko‘ribdi. Shular orasida sen tengi (dadam «sen tengi» degani esimda qolgan, demak, u olti yoshlarda bo‘ladi) bolasi bilan bir odam ham ismaloq izlab chiqqan ekan. Bola nuqul bir gapni qaytarib yig‘larmish. «Non», «non», «non!» Otasi tajang bo‘lib «o‘chir ovozingni!» dermish. Bola bo‘lsa jim bo‘lish o‘rniga battar baqirarmish «Non!» Non bering, non!» dermish. Shunda boyagi odam «o‘chir ovozingni, badbaxt!» deb musht o‘qtalgan ekan, bola otasidan qochaman deb orqasiga qalqib ketibdi. Aksiga olib, nariroqda tarvuzdek tosh yotgan ekan. Bola sho‘rlik orqaga tisarilib boshi bilan toshga urilibdi-yu tipirlab jon beribdi. Odamlar, «nima qilding, yaramas, bolani o‘ldirding-ku!» desa boyagi odam boshiga mushtlab yig‘labdi, bolasini quchoqlab dod solibdi. «O'ldiringlar, meniyam o‘ldiringlar, qaytaga yaxshi bo‘ldi, bolam bu azoblardan qutuldi, uch kun oldin onasi ochlikdan o‘lgan edi, qabristonga oborishiga odam topolmay hovlimga ko‘mgandik», depti.
Bilmadim, ehtimol bu hodisaga ko‘pchilik ishonmas. Ammo bir narsa aniq: dadam hech qachon yolg‘on gapirmagan... Tepki zarbidan qirralari silliqlanib ketgan, qora tuproqqa belangan nonni ko‘tarib borarkanman, beixtiyor shu hodisani esladim. Keyin Leningraddagi Piskaryov qabristonidagi voqea yodimga tushdi.
Ushbu qabristonda qamal paytida ochlikdan o‘lgan marhumlar yotadi. Bu yerda oq marmar, qora marmar, ko‘k marmardan o‘rnatilgan xotira toshlari oz emas. Qabristonni aylanib yurib, soch-soqoli oqarib ketgan keksa kishi bilan yoshi bir joyga borib qolgan ayolga ko‘zim tushdi. Bu qabristonda ziyoratchilar ko‘p bo‘ladi. Biroq aynan shu odamlar esimda qolganining boisi bor. Ular hech qanday dabdabali marmartosh o‘rnatilmagan jajji qabr boshidagi pastak yog‘och harrakda jimgina o‘tirishar, qabr ustida esa... bir burda non bo‘lagi yotar edi. Hayron qoldim.
Chol-kampir bilan salomlashdik. Qabr ustida nima uchun non yotganini so‘radim. Shunda chol-kampir alamli voqeani aytib berishdi.
Qamalda ochlikdan o‘lgan marhumlarni yig‘ib olish uchun ham, ko‘mish uchun kuch ham qolmagan. Mana shu chol-kampir (o‘sha paytda yosh bo‘lishgan) yetti yashar qizchalarini yetaklab ketishayotganda, qizcha qor bosgan ko‘cha o‘rtasida o‘lib yotgan odamning qo‘lida mahkam changallab yotgan nonni ko‘rib qolgan. Bola - baribir bola-da! Nonni ko‘rib o‘sha tomonga yugurgan. Ota-onasi uni tutib qolisholmagan. Qizcha ayni nonga yetib borganida dushman otgan snaryad yorilganu...
...Urush bitdi. ...O'shandan buyon ota-ona bir burda non uchun qurbon bo‘lgan qizchaning qabriga har kuni bir burda non olib kelishadi... Bir burda non...
Inson bolasi xotirasiz yashay olmaydi. Ayniqsa, mushkul damlar odamzodning esida uzoq saqlanib qoladi. Qamalda bo‘lgan odamlar hali ham o‘sha damlarni yaxshi eslashadi. To‘qqiz yuz kun davom etgan qamal... Non o‘rniga yelim qaynatib yegan odamlar... Yaqin kishilarining ochlikdan sillasi qurib o‘layotganini kuzatgan, oxiri o‘zi ham vafot etgan qizcha Tanyaning kundaligi. Qirq ikkinchi yilning yanvar-fevral oylarida bir shaharning o‘zida ochlikdan halok bo‘lgan 200 ming kishi... Urush bo‘layotgan joylardan keltirilgan 240 ming yetim bolaga o‘zi yeb turgan nonni yegizgan o‘zbek xalqining mislsiz saxovati... bu kunlarni unutib bo‘larmikin? Donishmand xalq «Eski chorig‘ingni unutma», degani bejiz emasdir...
O'tkir Hoshimov
No comments:
Post a Comment